Xabar berib kelayotganimizdek, davlat rahbarining topshirig‘iga asosan hududlarda ko‘p qavatli uylarning infratuzilmasi, boshqaruv-servis kompaniyalari faoliyati, mavjud muammolar va ularning yechimlari, obodonlashtirish ishlari, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jarayonlari kabi masalalarni o‘rganish yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov boshchiligida ishchi guruh tuzildi. Mazkur guruh tomonidan hozirgi kunda Toshkent viloyatining barcha hududlarida o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugun viloyatning Nurafshon shahrida ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda guruh rahbari Sherzod Hidoyatov, vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva va sohaga daxldor boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.
✔️ Yig‘ilishdagi asosiy masala viloyatdagi mavjud holatni to‘liq, ochiq va shaffof o‘rgangan holda muammolarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish choralarini ko‘rishga qaratildi. Ya’ni hududdagi muammolarning qay biri mablag‘ talab etadi, qaysi kamchiliklarga mahalliy idoralar yoxud respublika miqyosida yechim topish lozimligi ko‘rib chiqildi. Ko‘p qavatli uylarning ekspluatatsiyasiga doir barcha masalalar o‘rganilib, ro‘yi rost qayd etilishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, Toshkent viloyatida ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasi qoniqarli emas. Asosiy muammo, aholida to‘lov madaniyatining shakllanmaganligidir. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, o‘tgan yili Toshkent viloyatida majburiy badal to‘lov ko‘rsatkichi 47 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich 27 foizga tushgan. Nurafshon shahridagi ko‘rsatkich esa 3 foizgina xolos. Shu bilan birga, Nurafshon shahrida jami 110 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, 1 ta boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mutasaddilar ushbu muammolarning tizimli yechimini ishlab chiqish, bunda boshqaruv tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish,sohada raqobat tizimini shakllantirish lozimligini ta’kidladilar. Shuningdek, mahalla faollariga aholi o‘rtasida to‘lov madaniyatini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, o‘z uyining taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirish lozimligi aytib o‘tildi.