• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

JARAYON

May 5, 2023 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

‼️ Boshqaruv kompaniya ishiga to‘siq qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Toshkent shahri tuman hokimlarining kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan poytaxtdagi ko‘p qavatli uylar holati, undagi muammolar, yechimini kutayotgan dolzarb masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Dastlab ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar, ularni o‘z vazifalaridan tashqari bo‘lgan masalalarga jalb etish holatlari keskin tanqid qilindi.

Boshqaruv tashkilotlari sohaga kirib kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ularni oyoqqa turg‘azmay turib,  faoliyatiga qonunga zid xatti-harakatlar bilan to‘sqinlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q.  Aksincha, biz ularni qo‘llab-quvvatlashimiz, mana shu mashaqqatli sohada nonini topib ketishiga yordam berishimiz kerak,- dedi Sherzod Hidoyatov.

🗂 Sohadagi muammolar tumanlar kesimida ko‘rib chiqildi. Xususan, talabga javob bermaydigan, qoniqarsiz holatdagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan tizimli ishlar olib borilmayotgani, sohani shaffofligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Mening uyim” billing tizimiga kiritilmagan uylar, aholi orasida kommunal madaniyatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarining olib borilmayotgani alohida ta’kidlandi.

– Men hududlarda odamlar bilan gaplashib shuni tushunyapmanki, aholi bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarlicha olib borilmagan. Biz aholining to‘lov qobiliyati pastligi haqida gapiramiz. Ammo kim ularga tushuntirishi kerak, majburiy badal nima uchun to‘lanishini, bu pul evaziga nima ishlar qilinishini, – deya ta’kidladi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasida so‘nggi yillarda katta islohotlar amalga oshirilayotgani, aholining eng birlamchi ehtiyojlarini ta’minlash, ularga munosib shart-sharoit yaratish shaxsan davlat rahbarining nazoratida ekanligi alohida qayd etib o‘tildi. Shuningdek, o‘tgan qish mavsumi sohada bir qator kamchiliklarni namoyon qilgani, agar mas’ullar o‘z ishiga mas’uliyat va vijdonan yondoshmasa muammolar bartaraf etilmasligi aytildi. Sherzod Hidoyatov tuman mas’ullariga sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan chiqishi lozimligini, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun bor imkoniyatini ishga solishini bildirar ekan.

– Biz avvalo vijdonimiz, so‘ngra bizga ishonch bildirgan aholi oldida mas’ulmiz. Davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanaylik, – deya ta’kidladi.

Yig‘ilish so‘ngida hokim o‘rinbosarlarining sohadagi muammolarni bartaraf etishga doir takliflari tinglandi. Har bir tumanda mavjud kamchiliklar va ularning yechimi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ikki kun muddatda vazirlikka taqdim qilinishi belgilab olindi.