✔️ Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri topshirigʻiga asosan poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida faoliyat yurituvchi boshqaruv tashkilotlari vakillari uchun “Mening uyim” billing tizimi hamda aholi murojaatlarini vazirlikka integratsiya qilish masalalariga bagʻishlangan seminar tashkil etildi. Unda 29 ta boshqaruv tashkilotidan vakillar qatnashib, billing tizimi boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, tizim bilan ishlashda uchrayotgan muammolar boʻyicha berilgan murojaatlarga mutaxassislar tomonidan aniqlik kiritildi.
Shu bilan birga yigʻilganlarga aholi murojaatlari bilan ishlashning takomillashtirilayotgan tizimi boʻyicha keng ma’lumotlar berildi. Bunda har bir murojaat tizim orqali vazirlikka integratsiya qilinadi, bu esa oʻz-oʻzidan ijro nazoratini oshiradi.
Vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva aholining hech qaysi murojaati e’tibordan chetda qoldirilmasligi, ularning muammolarini tezkor bartaraf etish lozimligini ta’kidladi.
– Biz insonlarning birlamchi ehtiyojlari uchun javobgarmiz. Shu bois ularning har bir muammosini oʻzimizniki deb qabul qilishimiz kerak,- dedi vazir oʻrinbosari.
❕Ozoda Joʻrayeva boshqaruv tashkilotlari vakillari bilan sohani yanada yaxshilash, mavjud muammolar va ularning yechimi boʻyicha suhbatlashdi. Boshqaruv tashkilotlari vakillarining sohani takomillashtirish boʻyicha takliflari tinglandi.
–Aholiga xizmat koʻrsatish sohasi yangi bosqichga chiqdi. Bu bosqichda hamma narsa e’tiborga olinishi kerak. Har bir kirish yoʻlagida boshqaruv tashkiloti haqida ma’lumot boʻlishi shart. Fuqarolarimiz ularga kim xizmat koʻrsatayotganini bilsin, avariyaviy holatlarda sizlarni topishga qiynalmasin, – dedi Ozoda Joʻrayeva.
Shuningdek, mutasaddilar boshqaruv tashkilotlari vakillari bilan mulkdorlar qarzdorliklarini soʻndirish masalalarini muhokama qildilar.
Ozoda Joʻrayeva koʻp qavatli uylar atrofini obodonlashtirish ishlariga e’tibor qaratish lozimligini alohid ta’kidladi.
– Joylarda boʻlganimizda ba’zi boshqaruv kompaniyalari oʻtirgan binolar holatini koʻrib hayron qolaman. Biz kommunal, ya’ni obodlik-ozodalik sohasi vakillarimiz. Oʻzingiz oʻtirgan joyni tozalamasangiz, aholi qanday qilib sizga ishonadi, -dedi vazir oʻrinbosari.
Vazir oʻrinbosari seminar yakunida har bir boshqaruv tashkiloti faoliyatini qoʻllab-quvvatlashini ta’kidladi.