• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

JIZZAX: QURILISH QOIDA VA TALABLARIGA AMAL QILING!

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > JIZZAX: QURILISH QOIDA VA TALABLARIGA AMAL QILING!
Fev 24, 2021 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Qurilish obyektlarining hajmi oshgani sari unga qo‘yilgan talablar ham yuqori bo‘lishi soha egalariga yaxshi ma’lum. Qurilayotgan bino yoki inshoot aholi uchun nima maqsadda qurilishi jamiyatga va fuqarolarga manfaat keltirishi, shu bilan birga aholining hayoti hamda mol-mulkiga zarar yetmaydigan tabiiy hamda texnogen halokatlar uchun chidamlilik faktorlariga javob berishi kerak. Buning uchun qurilish montaj ishlarini boshlashdan oldin hududning geologik holati, seysmik, yong‘in xavfsizlik, sanitariya gigiyena va boshqa talablardan kelib chiqib, shaharsozlik hujjatlari tayyorlanadi va shundan so‘ng qurilish ishlari boshlanishi uchun ruxsat beriladi. Ammo qurilish sohasida ham qonunni chetlab o‘tgan shaxslar yetarlicha topiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra qurilish nazorat inspeksiyasining ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarmaslik holatlari ma’muriy javobgarlik kodeksining 99-moddasiga asosan javobgarlikni ko‘zda tutadi. Misol tariqasida aytish mumkinki, joriy yilning yanvar oyida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan pudrat tashkilotlar “Arslon Shamshod” XK, “Mahfuza-O” MCHJ, “Kolorit sintez” MCHJ hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqqan loyiha tashkilotlari “Asilbek Pauyer Projekt” MCHJlarga 1 ta holat bo‘yicha va “Grand super projekt” MCHJga 5 ta holat bo‘yicha Jizzax viloyat QSXN inspeksiyasi tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajarmaganligi aniqlangan hamda ushbu ishlar bo‘yicha hujjatlar yig‘ilib, G‘allaorol tuman sudiga yuborilgan.

Jumladan, Jizzax shahar “Alisher Navoiy” mahallasida joylashgan bosh pudratchi “Qangli qurilish materillari” MCHJ bo‘lgan 4 kavatli 3-4 xonali 32 xonadonli 14-sonli turar joy binosi qurilish obyektining loyiha hujjatlari “O‘zShaharsozlikLITI” DUK tomonidan 2014 yil ishlab chiqilib, turar joyning 1-2-yo‘lagida joylashgan 16 ta xonadonda qurilish montaj ishlari tugatilgan. Binoning qolgan qismlarida esa qurilish montaj ishlari davom etmoqda. Ammo binoning old tomonida pudrat tashkilot tomonidan bino oldidan ko‘cha tomonga 6.0 p/m qo‘shimcha yerga poydevor qo‘yish ishlari bajarilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari buyurtmachi va pudratchi “Qangli qurilish materillari” MCHJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan ya’ni shahar Arxitektura boshqarmasi kengashidan o‘tkazilmagan. Loyiha uchun ekpertiza xulosalari olinmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu holat buyicha Jizzax viloyat QSXN inspeksiyasi tomonidan qurilish montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha buyurtmachiga ko‘rsatma berilgan va yig‘ilgan hujjatlar Jizzax shahar Prokuraturasiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Shuningdek, yana ushbu manzilda joylashgan (qurilishi tugallanmagan) 7 qavatli mehmonxona binosi qurilishi buyurtmachi va pudratchi “Agrostandartplyus” MCHJ tomonidan olib borilmoqda. Obyekt tasdiqlangan loyiha hujjatlariga ko‘ra 7 qavat qurilishi talab etilgan bo‘lsada, binoga qo‘shimcha 8-qavat qurilishi boshlab yuborilgan, buyurtmachi binoga kiritilgan o‘zgarishlarni shahar Arxitektura qurilish boshqarmasi bilan kelishuvdan o‘tkazmagan, loyiha uchun ijobiy ekspertiza xulosalari olinmagan. Ushbu holat bo‘yicha buyurtmachi tashkilot “Agrostandartplyus” MCHJga va loyihachi tashkilot “Jizzax bunyodkor loyiha” MCHJga nisbatan hujjatlar to‘planib, ma’muriy javobgarlik bo‘yicha sud organlariga yuborilgan. Jumladan, obyektda qurilish montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha inspeksiya tomonidan ko‘rsatma berilgan.

Shu o‘rinda aytish mumkinki, Jizzax viloyati hududida 2021 yil 15 fevral holatiga ko‘ra jami 65 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan qurilish obyektlari inspeksiya tomonidan ro‘yxatga olingan. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilayotgan uy-joylar tahlil qilib ko‘rilsa, tadbirkorlar orasida har xil soha vakillari bor va bu ular tomonidan olib borilayotgan qurilish obyektlarida ichki va texnik nazorat ishlarining olib borilish imkoniyatlari yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, hozirda Jizzaxda soha mutaxassislari ya’ni qurilish muhandislari yetishmasligi ko‘p kuzatilmoqda. Shaharsozlik sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlarning ba’zilarida qonunchilik normalari va talablarini bilmaslik yoki huquqiy savod yetishmasligi ham yuzaga chiqmoqda. Shu bois tadbirkor quruvchilardan amaldagi qonunchiliklarni tushungan va boshqalar taqdirini ham o‘ylagan holda qurilish nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan talab etilgan ko‘rsatmalar ijrosini o‘z vaqtida va o‘rnida bajarishlarini so‘raymiz.

 

 

Qurilish vazirligi

Matbuot xizmati