Fargʻona viloyat qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi ijtimoiy tarmoqlarda M.Sherayev tomonidan noqonuniy qurilish olib borilayotganligi yuzasidan tarqalgan videolavha boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi.
Fargʻona shahar hokimining 27.02.2018-yildagi 269-sonli qarori bilan fuqaro Sherayev Mamasiddiq Qamchiboyevga tegishli boʻlgan shaharning A.Yassaviy koʻchasida joylashgan 43-A va 45-V–sonli koʻp qavatli turar joy binolari oraligʻida joylashgan 2100,0 kv.metrdan iborat boʻlgan yer maydonining 700,0 kv.metr qismiga ikki dona besh qavatli turar-joy binolari hamda qolgan 1400,0 kv.metr yer maydoniga yengil tipdagi ayvonlar, muzqaymoq va salqinlik ichimliklari sotish shahobchasi, keksalar dam olish maskani binolari qurish hamda bolalar maydonchasi va avtoturargoh tashkil etish, atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga ruxsat berilgan.
Fargʻona shahar Arxitektura qurilish boshqarmasi tomonidan №47-F-sonli (2018-yil 21-mart kungi) “Arxitektura rejalashtirish topshirigʻi” tayyorlangan. Loyiha hujjatlari “FERGANA GABLE SERVIS” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan hamda viloyat arxtitektura va shaharsozlik kengashida 2018-yil 3-aprel kuni koʻrib chiqilib, 04/04-sonli kengash bayonnomasi rasmiylashtirilgan. Loyiha hujjatlari “Qurilish loyiha ekspertiza sinov” MCHJ tomonidan ekspertiza koʻrigidan oʻtkazilib, 2018-yil 10-apreldagi №30B-21/18-sonli ijobiy ekspertiza xulosasi berilgan.
Obyekt Fargʻona viloyat “Davarxitektqurilishnazorat” inspeksiyasida 2018-yil 19-aprel kuni roʻyxatdan oʻtkazilib, №648-sonli qurilish-montaj ishlarini bajarishga ruxsatnoma berilgan. Qurilishda muhandislik qidiruvlari geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish davlat instituti “OʻZGASHLITI” DUK Fargʻona filiali tomonidan qurilish obyektini loyihadan joyiga koʻchirish ishlari amalga oshirilib, 2018-yil 27-iyul kunida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Fargʻona viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan Fargʻona shahar hokimining 2017-2018-yillarda tadbirkorlik subyektlari va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun jismoniy hamda yuridik shaxslarga yer maydoni ajratish toʻgʻrisidagi qarorlarning qonuniyligini oʻrganish jarayonida fuqaro Sherayev Mamasidiq Qamchiboyevga “A.Yassaviy koʻchasi 43-A va 45-V–sonli koʻp qavatli turar joy binolari oraligʻidagi yer maydoniga ikki dona besh qavatli turar-joy binosi qurishga ruxsat berish toʻgʻrisida”gi Fargʻona shahar hokimining 27.02.2018-yildagi 269-sonli qarori qabul qilinishida ayrim normativ huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmaganligi sababli Fargʻona viloyat hokimining 2018-yil 20-avgustdagi 434-sonli qarori bilan bekor qilingan. Fargʻona viloyat hokimligining 2020-yil 11-martdagi 03-07/1239-sonli xatiga koʻra Fargʻona viloyat hokimining 2018-yil 4-avgustdagi 365-F-sonli farmoyishiga asosan tasdiqlangan viloyat hokimligi huzuridagi maxsus ishchi guruh tomonidan Fargʻona shahar hokimining 27.02.2018-yildagi 269-sonli qarorini qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish masalasi belgilangan tartibda oʻrganib chiqilib, qonun talablariga mos ravishda tuzatishlar kiritilganligi toʻgʻrisidagi yigʻilish bayoniga asoslanib, Fargʻona shahar hokimining 2020-yil 16-mart kungi 156-sonli qarori bilan Fargʻona shahar hokimining 27.02.2018-yildagi 269-sonli qarorini qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirishtirilgan.
Fargʻona shahar Qurilish boshqarmasi tomonidan 152-F-sonli (2020-yil 29-fevral kungi) “Arxitektura rejalashtirish topshirigʻi” tayyorlangan. Loyiha hujjatlari “Margʻilon Integral Loyiha” MCHJ tomonidan 2020-yilda qayta ishlab chiqilgan.
Loyiha hujjatlari “Roshidon Bahodiri” xususiy korxonasi tomonidan ekspertiza koʻrigidan oʻtkazilib, 2020-yil 08-iyuldagi №08-07/20-06-sonli ijobiy ekspertiza xulosasi berilgan. Fuqaro Sherayev Mamasidiq Qamchiboyev tomonidan yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali 2020-yil 08-iyul kungi 2064416-sonli ariza bilan qurilish-montaj ishlari boshlanganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan.
Fargʻona viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2021-yil 03-mart kungi tekshirishda qurilish-montaj ishlarida bir qator kamchiliklar aniqlanib, Shaffof qurilish milliy axborot tizimi orqali 5805-sonli bajarilishi majburiy 4 banddan iborat koʻrsatma berilgan.
Yaʼni:
– SHNQ 3.01.01-03 talablariga binoan obyektda 3-4-qavatlarda qoʻyilgan kolonna va rigellar uchun beton kubiklar va laboratoriya xulosalari olinmagan.
– QMQ 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” talablari buzilgan holda binoning 4-qavati balkon qismida toʻsuvchi devorlarni tiklashda armosetkalar qoʻyilmagan, vertikal choklari loy qorishmasi bilan toʻldirilmagan. Gʻisht terish ishlari toʻxtatilgan.
– SHNQ 3.01.01-03 meʼyoriy hujjatining 1.13-bandida koʻrsatilgan talabiga binoan obyektda umumiy ish yuritish jurnali, beton va payvandlash ishlari jurnali, yopiq ishlar dalolatnomasi, mualliflik nazorati jurnali mavjud emas.
– QMQ 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” talablari buzilgan holda binoning 5-qavat tom yopmasida plitalar atrofiga 4 Ø12 ASH ishchi armaturalar oʻrniga joyida 2 Ø12 A-Sh ishchi armaturalar oʻrnatilib, beton quyish ishlari olib borilmoqda. Antiseysmik belbogʻlarga beton quyish ishlari toʻxtatilgan.
Bugungi kunda kamchiliklar quruvchi tomonidan bartaraf etilgan.