⚡️Bloger Xurshid Daliyevning telegram kanali orqali tarqalgan xabarda qayd etilgan holatlar Andijon viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan oʻrganildi.
✅Mazkur qurilish obyekti Andijon shahar hokimining 2017-yil 14-iyundagi 654-sonli qarori bilan “ASIA STAR PREMIUM” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan. Xususan, Andijon shahridagi 4-kichik dahada 2 ta 5 qavatli turar-joy binosini qurishga ruxsat berilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qaroriga muvofiq viloyat qurilish Bosh boshqarmasi tomonidan arxitektura rejalashtirish hujjati rasmiylashtirib berilgan. Shu asosda “Andijonfuqaroloyiha” MCHJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qarori 4-ilovasi asosida “Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda bir vaqtda obyektning zilzilaga bardoshliligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha loyihaviy yechimlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti” bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari Arxitektura shaharsozlik kengashining 2021-yil 9-iyul kungi bayoni bilan kelishilgan hamda “SHARQ STROY EKSPERT” MCHJ tomonidan ijobiy ekspertiza xulosasi olingan.
▶️2021-yil 19-oktabr kuni viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga Andijon shahar Davlat xizmatlari markazi orqali qurilish-montaj ishlarining boshlaganligi haqida xabarnoma kelib tushgan. Shunga asosan inspeksiya tomonidan obyektda monitoring tadbirlari olib borilgan hamda “Shaffof qurilish” platformasi orqali aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Inspeksiyaga yuborilgan xabarnomada 2 ta 7 qavatli 70 ta xonadondan iborat turar joy binosining qurilishi nazarda tutilgan bo‘lib, obyektning tasdiqlangan bosh rejasiga ko‘ra hududda 3 ta 7 qavatli jami 105 xonadonli turar-joy binosini qurish rejalashtirilgan.
❗️Ushbu obyektning bosh rejasi bo‘yicha buyurtmachi-pudratchi “ASIA STAR PREMIUM” MCHJ tomonidan uchinchi ko‘p qavatli turar-joyning yer ishlari boshlab yuborilganligi aniqlandi. Ushbu turar-joy binosining loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizaning ijobiy xulosasi olingan, lekin inspeksiyaga qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida xabar berilmagan. Aniqlangan holatlar boʻyicha buyurtmachi-pudratchi “ASIA STAR PREMIUM” MCHJga belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksi 99-moddasi 7-qismi boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.