❕ Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan koʻp qavatli binolarning birida kuni kecha zilzila oqibatida fasad qismiga zarar yetkazilgani yuzasidan video tarqatildi.
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati tomonidan qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga tegishli soʻrov yuborildi.
? Maʼlum boʻlishicha, Yashnobod tumanida qad rostlagan “FIRST DEVELOPING GROUP” MCHJ ga tegishli obyektlarning biriga gʻisht ishlab chiqaruvchi “STONE BRICK” MCHJ tomonidan sifatsiz gʻisht mahsulotlari yetkazib berilishi natijasida mazkur holat yuzaga kelgan. Ayni kunda buyurtmachi tomonidan sud organlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida davo arizasi kiritilgan. Binoning fasad qismini taʼmirlash ishlari aprel oyida toʻliq yakunlanishi belgilab olingan.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining 1298 ishonch raqamiga ayni kunlarda zilzila oqibatida vayron boʻlgan yoki zarar yetkazilgan binolar haqida murojaat kelib tushmaganligi maʼlum qilinadi.