Vatan! Bu muqaddas soʻz zamirida ilohiy kuch-qudrat, ulkan maʼno mujassamki uni soʻz bilan ifoda eta olish mushkul. Biz kindik qonimiz toʻkilgan zaminni Vatan deb ataymiz. Vatan qalbimiz, qalbimizga yaqin insonlar jamlangan zamindir. Bejiz uni Onaga qiyoslab, “Ona tuproq” deb atamaymiz. Uning nomini eshitgan zahotimiz qalbimiz toʻlqinlanadi, bir olam gʻururga toʻladi, faxr hissi paydo boʻladi. Shoir aytganidek:
Bu yorugʻ olamda Vatan bittadir,
Bittadir dunyoda Ona degan nom.
Inson bolasi uchun ozodlik, erkinlikning oʻrni shu qadar ulugʻvorki, uni taʼriflashning imkoni yoʻq. Daraxtlar koʻkka qarab boʻy choʻzgani, qushlar samoda zavq bilan parvoz qilganidek inson bolasi ham ozodlik atalmish oliy neʼmatsiz hayotini tasavvur eta olmaydi. Ozodlik – inson uchun havo va suvdek hayotiy zarurat. Boshqacha aytganda, hayot ozodlikdan boshlanadi.
Xalqimizning ulkan jasorati va matonati ramzi sifatida mana necha yildirki nishonlanib kelinayotgan mustaqillik kuni har bir vatandoshimiz uchun ulugʻ sanaga aylangan. Zero, shu kuni Ona zaminimiz – Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi eʼlon qilinib, yurtimizning koʻp ming yillik tarixida bitilgan va qalblarimizga abadiy muhrlangan unutilmas voqea sodir boʻldi. Shuning uchun ham uning qadr-qimmati va ahamiyati yil sayin ortib bormoqda. Mustaqillik Ona diyorimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallash, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Ona zaminimizning shon-shavkati haqida soʻz borganda buyuk bobomiz Amir Temur barpo etgan qudratli, oʻz davrida Xitoy, Hindiston, Fransiya, Angliya, Ispaniya, Italiya, Misr kabi davlatlarda katta hurmat va ehtirom bilan tilga olingan zaminning farzandi ekanligim xayolimdan oʻtadi. Ulugʻ ajdodlari bilan tarix sahifalarida oʻchmas iz qoldirgan, dunyoga oʻzining “Hindiston”, “Saydana”, “Qonuni Maʼsudiy”, “Qadimgi ajdodlardan qolgan yodgorliklar” kabi mashhur asarlarini tortiq etgan Beruniy, jahon tibbiyot fanlarining piri, Yevropada “Avitsenna” nomi bilan mashhur boʻlgan Ibn Sino, Astronomiya faniga olamshumul hissa qoʻshgan buyuk alloma Ulugʻbek, jahon aniq fanlariga oʻzining “Al-jabr val-Muqobala” asari bilan algebra faniga asos solgan va dunyoda “Algoritm” termini bilan mashhur boʻlgan Al Xorazmiy singari olimlarni dunyoga tuhfa qilgan diyor koʻz oldimda gavdalanadi. Islom olamiga dongʻi ketgan Termiziy, Buxoriy, Zamaxshariy, Xoja Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy, Margʻinoniy, butun jahon ehtirom bilan tilga oladigan Navoiy singari buyuk daholar ulgʻaygan koʻhna zamin yuz ochadi.
Bu yurt – maʼnaviyati boy, tarixi gʻururlanib tilga olishga arzigulik diyor. Oʻz Vatanini ozod-erkin koʻrish niyatida jon bergan mashhur fidoyi – Behbudiy, Munavvar Qori, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fayzulla Xoʻjayev, Usmon Nosir kabi ming-minglab insonlar kamol topgan Vatan.
Istiqlol tufayli buyuk ajdodlarimiz qoldirgan yurtni dunyoga yana bir bor tanitish, yodga oldirishga erishdik. “Oʻzbekiston” degan mamlakatni, “oʻzbek” degan millatga yana tan berdilar, hatto ayrim sohalar boʻyicha bizdan oʻrnak oldilar.
Bugun Yangi Oʻzbekistonni barpoetish, uni yana jahonga tarannum qilish maqsadi bilan yashamoqdamiz. Vatan nomi teran fikrlovchi har bir insonning qalbida bor. Unga hurmat qalbda xuddi imon kabi mustahkam boʻlmogʻi lozim. Vatanni suymoq, uning ravnaqi uchun oz boʻlsa-da hissa qoʻshmoqdir. Vatanni suymoq, uning har bir kuni, rivoji uchun shukrona keltirmoqdir. Vatanni suymoq, “Vatan menga nima berdi?” emas, “Men Vatanga nima beryapman?” degan masʼuliyat bilan yashamoqdir.
Agar har birimiz yurtimiz ravnaqiga misqolchalik hissa qoʻshish umidi bilan yashasak, ishonamanki, diyorimizning kelajagi bundan-da gullab-yashnaydi. Shunday ekan, farovon oʻlkada yashash baxtidan quvonib, Vatanimizda har jabhada qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar bilan faxrlanaylik, uni sevaylik. Bir soʻz bilan aytganda, chin insoniy tuygʻular bilan yashaylik, vatandosh. Zero, bugun Ona zaminimizda el aziz, inson aziz!
Shahriyor MANSUROV,
Qurilish vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.