• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

POYTAXTDAGI QURILISHI "TO‘XTAMAGAN" BINOLAR

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > POYTAXTDAGI QURILISHI “TO‘XTAMAGAN” BINOLAR
Fev 15, 2021 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

So‘nggi paytlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali qulab tushayotgan yoki noqonuniy qurilgan turar joylar haqidagi xabarlar ko‘p tarqalmoqda. Shu bois Qurilish vazirligi hamda Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi bugungi kungacha poytaxtimizda xususiy investorlar hisobidan qurilayotgan bir qancha ko‘p qavatli turar-joy binolarining holati o‘rganib chiqilganini va Toshkent shahrida ko‘p qavatli turar-joy binolari tasdiqlanmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan loyiha hujjatlarisiz, qurilish-montaj ishlarini boshlash yuzasidan vakolatli organni xabardor qilmagan holda, qurilish ishlari amalga oshirilayotganligini aniqlagan. Quyida esa bular haqida ma’lum qilamiz:

1. Toshkent shahar, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi 8-uy manzilida joylashgan “HUMO SARBON” MCHJ tomonidan “Ko‘p qavatli mexmonxona binosi” qurilish ishlari boshlab yuborilganligi va Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlangan. Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lgan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020 yil 15 dekabrda 2584-sonli bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Ushbu yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “HUMO SARBON” MCHJ rahbari o‘rinbosari Karimov Husan G‘ofurjanovichga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2021 yil 21 yanvarda Toshkent shahar Olmazor tumani ma’muriy sudiga chora ko‘rish bo‘yicha yig‘ma ish jildi yuborilgan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik Kodeksining 20-moddasiga muvofiq yuqorida ko‘rsatilgan noqonuniy ravishda qurilayotgan qurilmalarni bartaraf etishni, aholi xavfsizligini va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 41-sonli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish Toshkent shahar Olmazor tumani hududiy ishchi guruhi komissiyasi raisiga 2021 yil 25 yanvarda 292-sonli xat orqali yuqorida ko‘rsatilgan huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish masalasini atroflicha ko‘rib chiqib, o‘rnatilgan tartibda tegishli chora ko‘rish va qilingan ishlar natijasi bo‘yicha ma’lumot berish so‘ralgan. Shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tilmagan.

2. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, J.Shoshiy 2-tor ko‘chasi, 4-uy va Askiya ko‘chasi 36, 36/1-uylar yonida “INSOFT INVEST” MCHJ tomonidan “Kam qavatli binolarni buzilishi hisobiga pastki qavatlarida savdo va maishiy do‘konlari joylashgan ko‘p qavatli turar-joy binolari”ning qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlangan. Mazkur qurilish obyekti ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagan. 2020 yil 7 mayda moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar qurilish obyektlariga, sub’ektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, hech qanday to‘siqsiz kirish hamda ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik me’yorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020 yil 27 maydagi 730-sonli bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan va ular belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “INSOFT INVEST” MCHJ rahbari Qurbonov Maxsud Ziyatovichga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2020 yil 5 iyunda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ma’muriy sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Yuqorida ko‘rsatilgan talablarni bajarmaganligi uchun qurilishni to‘xtatishga takroran berilgan va 2020 yil 21 oktabrdagi 2127-sonli yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatlarda bajarilmagani uchun “INSOFT INVEST” MCHJ mas’ul mansabdor shaxsiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan, yana takroran Yakkasaroy tuman ma’muriy sudi raisi nomiga 2020 yil 23 oktabrda 2549-sonli xat bilan yuborilgan. Shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tilmagan.

3. Toshkent shahar, Olmazor tumani, Sag‘bon 30-berk ko‘chasi manzilida joylashgan “SNAUX AJ INVEST” MCHJ tomonidan “Ko‘p qavatli turar joy binosi” qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlangan. Mazkur qurilish obyekti ham Toshkent shaxar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor kilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagan. Tekshiruv jarayonida aniqlangan huqukbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020 yil 18 avgustda 1158-sonli bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Ushbu yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “SNAUX AJ INVEST”  MCHJ rahbari Sayfullayev Komiljon Qobiljon o‘g‘liga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2020 yil 25 avgustda Toshkent shahar Olmazor tumani ma’muriy sudiga chora ko‘rish bo‘yicha yig‘ma ish jildi yuborilgan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-kismi bilan javobgarlikka tortilgan. Ammo shunga qaramasdan bugungi kunda kurilish montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tilmagan.

4. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi 42-uy manzilida “ZARAFSHON BUILDING” MCHJ tomonidan Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmasdan “Mavjud binolarni pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi bo‘lgan ko‘p qavatli mehmonxona hamda turar joy binolariga ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilish” bo‘yicha qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020 yil 25 avgustdagi 1272-sonli bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Ushbu yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “ZARAFSHON BUILDING” MCHJ rahbari Sunnatov Mehriddin Hamroboyevichga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2020 yil 9 sentabrda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ma’muriy sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Jamiyat tomonidan 2020 yil 11 sentabrda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida 35-sonli kafolat xati berilgan. Biroq, “ZARAFSHON BUILDING” MCHJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Yuqorida ko‘rsatilgan talablarni bajarmaganligi uchun takroran 2021 yil 9 fevralda qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazilib, shu sanada 345-sonli yozma ko‘rsatma berilgan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida 2021 yil 10 fevraldagi 16-sonli kafolat xati taqdim qilingan.

5. “UCHTEPA QALQON” MCHJ korxonasi Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sergeli-5 mavzesi, M.Tursunzoda ko‘chasi bo‘yida “Yerto‘lasi (podvoli) bo‘lgan to‘qqiz qavatli turar-joy binosi”ni qurish uchun ruxsatnoma olmasdan boshlab yuborgan. Noqonuniy qurilmaga chora ko‘rish uchun Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish Toshkent shahar Sergeli tumani hududiy ishchi guruhi komissiyasi raisiga vakolat doirasida chora ko‘rishi uchun bir necha bor hatlar chiqarilgan. Hokimiyat va tuman Prokuraturasi tomonidan bir necha bor ogohlantirishlar natijasida esa imoratning qurib bitkazilgan 6- va 7-chi qavatlarigacha bo‘lgan qismining sifatini instrumental texnik taftishdan o‘tkazishga inspeksiya qoshidagi qurilish sinov laboratoriyasi va bino-inshootlarni texnik holatini o‘rganish bo‘limi bilan shartnoma tuzib, Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat Inspeksiyasi ro‘yhatidan o‘tgan va 2018 yil 6 iyunda 330-R sonli qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berilgan. Ammo imorat yuzasidan instrumental texnik xulosani buyurtmachi shartnoma asosida to‘liq to‘lov pulini to‘lamagan va tayyorlab qo‘yilgan instrumental texnik xulosani olmagan. Qurilish obyektida qurilish montaj ishlari yuzasidan olib borilgan monitoringlar davrida sifatsiz bajarilgan ishlar va instrumental texnik tekshiruvda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmaganligi yuzasidan 2018 yil 19 iyul kuni 1286, 1287 va 1288 sonli yozma ko‘rsatmalar berilgan, ammo “UCHTEPA QALQON” MCHJ korxonasi tomonidan kamchiliklar bartaraf etilmasdan qurilish ishlari noma’lum sabablarga ko‘ra quruvchi tomonidan vaqtincha to‘htatib qo‘yilgan. Qurilish montaj ishlari boshlanishi bilan inspektor tomonidan 2019 yil 28 oktabr kuni 2938, 2939 va 2940-sonli yozma ko‘rsatma berilgan. Ko‘rsatma talablari bajarilmasdan, imoratning qurilishi tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlaridan chetlashgan holda qurilish ishlari uzil kesil yana davom ettirilib kelingan. 2020 yil 18 fevralda 390-sonli va 5 iyulda 1048-sonli yozma ko‘rsatma talablarini bajarish lozimligi haqida “Ogohlantirish xat”lari jo‘natilgan. “UCHTEPA QALQON” MCHJ tomonidan barcha ko‘rsatmalar befarq qoldirilib, qurilish ishlarini davom ettirayotganligi uchun inspeksiya tomonidan 2021 yil 12 yanvar kuni 88-son bilan yozma ko‘rsatma va ogohlantirish xatlaridagi talablarni bajarmasdan qurilish-montaj ishlarini davom ettirilayotganligi sababli “Qurilishi bitgan imoratlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi”ni rasmiylashtirishda Toshkent shahar qurilish sohasidagi xududiy nazorat Inspeksiyasi qatnashmasligini ma’lum qilib, navbatdagi “Ogohlantirish xati” jo‘natilgan.  Ammo hozirgi kunga qadar qurilish ishlarini amalga oshirayotgan mas’ul shaxslar inspeksiyaga kelishmagan. Shuningdek, ushbu obyektni qurayotgan tashkilot “UCHTEPA QALQON” MCHJ korxonasi rahbarlari yuzasidan 2020 yil boshida Ichki ishlar Vazirligi qoshidagi tergov departamenti tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan paytida ham imorat qurilishini to‘xtatish imkoni bo‘lmagan.

“UCHTEPA QALQON” MCHJ tomonidan sifatsiz qurilish montaj ishlari hozirga qadar bartaraf etilmagan, imoratning qurilishi tasdiqlangan loyiha hujjatlariga mos kelmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududlarda ruxsat beruvchi tusdagi shaharsozlik hujjatlarisiz qurilayotgan obyektlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarorining 5-ilovasiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish qurilish obyektlarida nazorat tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Qurilish vazirligi tomonidan shu kabi noqonuniy va sifatsiz qurilmalar yuzasidan yurtimizdagi boshqa hududlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berish ishlari davom etadi.

 

 Qurilish vazirligi

Matbuot xizmati