Qurilish sohasida asosan erkaklar ishlaydi, degan nisbiy qarash baʼzilarda shakllangan desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Biroq tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda Qurilish vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlarda 1 100 nafarga yaqin qiz-ayollar mehnat qilmoqda. Vazirlikda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish masalalari boʻyicha Maslahat kengashi samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yil 26-maydan boshlab tizimda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining boshlangʻich tashkiloti faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Qurilish vazirligida oʻtkazilgan tadbirda ana shular haqida soʻz bordi. Intiluvchan tashabbuskor xotin-qizlarning orzu rejalari tinglandi.
Sohada taʼlim olayotgan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularning intilish va qobiliyatlarini roʻyobga chiqara olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida tizimdagi faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilib, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilmoqda.
Oʻzaro samimiy muloqotda davlat va jamiyat hayotida ayollarning roli va oʻrnini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikrlar bayon qilindi. “Ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirishga, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda”, – deyildi tadbirda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Tadbirda sohada samarali mehnat qilib, koʻpchilikka ibrat boʻlib kelayotgan faol xotin-qizlar ragʻbatlantirildi. Ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab qolindi.