Oʻzbekistonda yirik loyihalarni hayotga tatbiq etish, osmonoʻpar binolarni tez va sifatli barpo etishga qodir boʻlgan qurilish industriyasi shakllandi, soha xodimlarining tajribasi, malakasi yuksaldi. Yaʼni Yangi Oʻzbekistonning qurilish tizimi yangi davrga mos tarzda rivojlanib bormoqda.
Statistikaga koʻra, mamlakatimizda qurilish ishlari hajmi 2020-yilda 65,5 trillion soʻmni, 2021-yilda 58,3 trillion soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning avgust oyi yakunlari boʻyicha ushbu koʻrsatkich 38,9 trillion soʻmni tashkil etdi. Demak, bugungi kunda yurtimizda bunyodkorlik ishlari koʻlami yil sayin kengayib, arxitektura va qurilish sohasi iqtisodiyotning jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan sohalaridan biri boʻlib bormoqda. Qurilishni loyihalashtirish hamda loyiha hujjatlari ekspertizasi jarayonlari qayta koʻrib chiqilib, shaffof elektron tizimga oʻtkazildi. Mazkur ishlar vazirlik huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertiza” DUK tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Qurilish vazirligida oʻtkazilgan seminarda ham ayni masalalar ishtirokchilarning diqqat markazida boʻldi.
Eʼtirof etildiki, ekspertiza organlariga qogʻoz hujjatlar toʻplamini taqdim etish amaliyotidan toʻliq voz kechilgani ishdagi samaradorlikni birmuncha oshirdi. Natijada ekspertizaga loyiha-smeta hujjatlari onlayn topshirilyapti. Yaʼni bugunga qadar jami 46 mingga yaqin obyekt loyihasi ushbu tizim orqali ekspertizadan oʻtkazilishi tufayli mazkur obyektlar boʻyicha 12 trln soʻmdan smeta qismidan ortiqcha mablagʻ tejab qolindi. Ekspertiza yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslarga guvohnoma berish orqali tizimda raqobat muhiti yaratildi. Obyektlarning murakkablik toifasidan kelib chiqib ekspertiza xulosasi berish tizimi tabaqalashtirildi. Tabaqalashgan toifadagi loyihalarga xulosa berish uchun ekspertiza tashkilotlari elektron reytingi yoʻlga qoʻyildi. Ekspert mutaxassislarni attestatsiyadan oʻtkazish va murakkablik toifasi boʻyicha loyihalarga tabaqalashgan holda xulosalar berish mexanizmi yaratildi.
Vazirlik va idoralar tasarrufida faoliyat olib borayotgan shaharsozlik yoʻnalishidagi sohaviy ekspertiza tashkilotlari faoliyati tugatilib, ularning ushbu yoʻnalishdagi funksiya va vazifalari “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKka oʻtkazish koʻzda tutilmoqda. Xususan, bu kabi boʻgʻinlar Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida mavjud, qolaversa, “Shaharsozlik va loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi” bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar reytingini yuritish toʻgʻrisida nizom loyihasi ishlab chiqildiki, bu amaliyot ham bir qator afzalliklarga ega. Xususan, mazkur loyiha bilan ekspertiza tashkilotlari va ekspert mutaxassislar reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlanmoqda.
Joriy yilning toʻrtinchi choragidan boshlab, “Qurilish resurslari milliy klassifikatori”ni tegishli davlat organlari bilan integratsiya qilinishi hamda ishlab chiqaruvchilar hamda xizmat koʻrsatuvchilarning maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilish orqali, “Moddiy-texnika resurslarining joriy narxlari elektron katalogi” yaratildi. Bunda Davlat soliq, bojxona va statistika qoʻmitalari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Tovar xom-ashyo birjasi kabi tegishli vazirlik (idora)larning elektron maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish natijasida qurilish materiallarining narxi operativ ravishda shakllanishiga erishiladi. Shu bilan birga mahsulot ishlab chiqaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilarni elektron katalog hamda klassifikatorga bogʻlash orqali ularning ham joriy narxlari shakllantiriladi.