Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vazirligi mas’ullari, qator qurilish-loyiha tashkilotlari mutaxassislari hamda OAV vakillaridan iborat tezkor guruh o’rganish ishlarini ayni damda Farg’ona shahri Universitet ko‘chasida joylashgan 8 qavatli turar-joy binosida davom ettirishmoqda.
“Qishloqqurilishloyiha” loyiha-qidiruv instituti bosh konstruktori Sherzod Odilov aniqlangan kamchiliklar haqida shunday deydi:
Binoni loyihalashda konstruktiv sistema o‘rganilganda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
* Binoning 2-blogida 2 metr chegaradagi turtib chiqqan qismda temir-beton ramada uzilishlar mavjud bo‘lib, V1 o‘qlari bo‘yicha ramalarning uzluksizligi taʼminlanmagan. Bu esa seysmik yuk taʼsirida binoning og‘ishiga sabab bo‘lishi mumkin.
* Loyiha bo‘yicha lift qurilmalari g‘isht konstruksiyalari bilan kompleks bajarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu holatda temir-beton monolitni devorlarga almashtirish lozim bo‘ladi.
Ushbu holat bo‘yicha qurilish-loyiha tashkilotiga ishlarni maʼlum bir muddatga to‘xtatib, sxemani ko‘rib chiqqan holda loyihaviy yechimlari qaytadan ishlab chiqilganidan so‘ng qurilish-montaj ishlarini davom ettirish topshirig‘i belgilab berildi.