Xabaringiz bor, Prezidentimiz tashabbusi va koʻrsatmasi bilan yurtimizning barcha hududlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishi belgilangan. Vazifa va maqsad bir xil boʻlsa-da, massivlar qurilishida har bir hududning oʻziga xos jihatlari ham hisobga olinishi tabiiy hol.
Xususan, viloyatning ikki hududida – Urgut tumanining Mergancha massivida 39,2 gektar va Bulungʻur tumani Gʻoʻbdin massivida 23,9 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishi belgilangan.
Bu massivlar hududida 50 tadan kam boʻlmagan koʻp kvartirali uylar, ijtimoiy soha, bozor va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurilib, dam olish va koʻngilochar maydonlar barpo etiladi. Massivga tutash hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Jumladan, Bulungʻur tumani Gʻoʻbdin massivining birinchi qavatida savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari boʻlgan 59 ta 5 qavatli uy-joy quriladi. Joriy yilda 348 ta xonadonga ega 18 ta, 2023-yilda 16 ta va 2024-yilda 500 xonadonli 25 ta koʻp qavatli uylar barpo etiladi. Bundan tashqari 2 ta 990 oʻrinli maktab binosi, 3 ta 120 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, 9 ta tibbiy, maishiy va boshqa turdagi xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishi rejalashtirilgan. Qayta ishlash va ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish orqali 475 ta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda.
Urgut tumanidagi Mergancha massivida esa 58 ta 2 916 ta xonadonga ega 5, 9 va 12 qavatli uy-joylar bunyod etiladi. Joriy yilda 5 va 9 qavatli 18 ta uy quriladi. Shuningdek, massivda 2 ta 1650 oʻrinli maktab binosi, 4 ta 180 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, 3 gektar maydonda tuman maʼmuriy markazini qurish koʻzda tutilgan. Istirohat bogʻi, oilaviy vrachlik punkti, mahalla markazi, maishiy xizmat, sport kompleksi, mehmonxona, IIB tayanch punkti, kichik sanoat zonasi qurish uchun 5 gektar yer maydoni ajratilgan.
– Hozirda Gʻoʻbdin massivida qurilishi rejalashtirilgan 18 ta 5 qavatli uylarning qurilish osti maydonining onlayn auksion gʻoliblari aniqlanib, uy-joylarning loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda, – dedi viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sayfiddin Narziqulov. – Urgut tumani Mergancha massivida 18 ta koʻp qavatli uyning qurilish osti maydonini auksion savdosiga chiqarish uchun yangi “YER-ELEKTRON” avtomatlashtirilgan tizimga qayta kiritildi.
Viloyat hokimligi tomonidan “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga bittadan maktab va maktabgacha taʼlim muassasasi, hokimlik va tuman tashkilotlarining maʼmuriy binolari qurilishi uchun yer maydonlari ajratilgan.
Ayni paytda ushbu massivlarning qurilish loyihalari “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilib, Qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKga taqdim etilgan. Shuningdek, ularning tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha loyihalari tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Ushbu massivlar uchun shaharsozlik normalariga koʻra togʻli hududdan 1 kilometr uzoqlikda joylashgan yerlar tanlangan boʻlib, bu har jihatdan qulay va xavfsiz hisoblanadi.