Soʻnggi yillarda muloqotimizda megapolis, aqlli shahar kabi soʻzlar yangray boshladi? Xoʻsh, megapolis oʻzi nima? U qanday jihatlari bilan farqlanadi?
Shaharlarning bir-biriga qoʻshilib ketishi yoki ilmiy atama bilan aytganda aglomeratsiyalarning birikib ketishi natijasida hosil boʻladigan yirik shaharlar toʻplami “megapolis” deb yuritiladi. Bunda urbanizatsiya jarayonlarining ham oʻrni katta ahamiyatga ega. Agar masalaga shu jihatdan qarasak poytaxt Toshkentni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, shaharning bosh rejasini ishlab chiqish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? – degan haqli savol tugʻiladi.
Bu borada oxirgi yillarda sezilarli ishlar qilinmoqda-deydi soha mutaxassislari. Maʼlum boʻlishicha, ToshkentboshplanLITI korxonasi masʼullari turkiyalik mutaxassislar bilan Toshkent shahrining Bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha ishlarni boshlab yuborishgan. Xususan, mashhur turkiyalik urbanist, mutaxassis Faruk Gyoksu shunday deydi: – “ Biz bu joyni hayot labaratoriyasi deb atadik. Boisi ilgʻor texnologiyalar aynan shu yerda hayotga tatbiq etiladi. Hozirda oʻzbek mutaxassislari bilan bir qatorda, Germaniya va gollandiyalik ekspertlar bilan ham hamkorlik qilyapmiz. Toshkentni arxitekturaviy jihatdan rivojlantirishda uning oʻziga xos madaniyati ham inobatga olinadi. Shu kunlarda ToshkentboshplanLITI korxonasida ishlarimiz qizgʻin bosqichga chiqqan. Rejalarimiz mutasaddilarga maʼqul boʻlganidan mamnunmiz. Biz bu atelyeda shahar renesansini yaratamiz.
Bu jarayonlarda oʻzbekistonlik yosh salohiyatli mutaxassislar bilan bir safda mehnat qilayotganimiz eʼtiborga molik. Toshkent shahrini loyihaviy jihatdan takomiliga yetkazishda avvalo, ekologik jihatga katta eʼtibor qaratilmoqda. Qulaylik va xavfsizlik ham birlamchi masala. Biz oʻzbek quruvchi dizaynerlari bilan Toshkentni turli ranglarda kashf qilamiz. Yurtingiz chin maʼnoda bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu jarayonlarda ishtirok etish – biz uchun faxr. Davlatingiz rahbarining bu yoʻnalishda olib borayotgan puxta strategiyasi mamlakatda rivojlanishning yangi bosiqichini boshlab berdi. Mazkur tashabbus esa yangi gʻoyalarni hayotga koʻchiradi. Izlanishlarimizni roʻyobga chiqaradi.
Bu yer mahalliy yosh mutaxassislarimiz va xorijlik hamkorlar uchun muhokama maydoni. Poytaxt qurilishida nimalarga eʼtibor qaratish kerak, infratuzilma, transport, logistika, yashil hududlar, bino va inshootlar joylashuvida shaharsozlik normalari, bunda rivojlangan davlatlar tajribasi kabi turli xil qarashlar ilmiy asosda amaliyotga integratsiya qilinmoqda”.
“Aqlli shahar” tushunchasiga yondashuvlar xilma-xil, biroq u doim texnologiyalar bilan boyitilgan aholi yashash punktini anglatadi. Bunday texnologiyalarning mohiyati tushunarli – qurilmalar oʻzaro aloqada tashqi olam bilan inson ishtirokisiz, biroq uning farovonligi yoʻlida xizmat qiladi. Aqlli shaharlarning maqsadi – shaharliklar hayotini qulayroq va xavfsizroq qilish, shuningdek, shahar moliya mablagʻlari va hududini tejashdan iborat. Kelajakning ideal aqlli shahrida har bir qadamda aholini texnologiyalar kutib oladi, ular yagona ekotizimni hosil qiladi hamda inson hayotining barcha jihatlari uchun javob beradi: jamoat transportida harakatlanishdan tortib, chiqindining qayta ishlanishigacha. Eʼtiborlisi ushbu muassasada ana shunday fikrlaydigan salohiyatli yoshlar ilmni real hayotga koʻchirishi ustida izlanishmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Qurilish vazirligi va uning sohaga masʼul tashkilotlari eʼtiboridan Toshkent shahrini xalqaro andozalar asosida rivojlantirish masalasi muhim oʻrin egallagan. Aholini talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda shaharni kengaytirish, qiyofasini bosqichma-bosiqich oʻzgartirish, bunda har bir loyiha ustida chuqur izlanishlar olib borish birlamchi vazifa boʻlib qolmoqda.