“Uy-joy qurilishi sohasida norma hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirish masalalarini muhokama qilish” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Davra suhbati BMTTD/ GEF va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish Vazirligi tomonidan “Oʻzbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirda Qurilish vazirligi vakillari, loyiha tashkilotlari, davlat ekspertizasi, qurilish nazorati mutaxassislari, ekspert olimlar, meteorologlar ishtirok etdi.
Oʻzbekistonda qurilish norma hujjatlarini energiya samaradorligi nuqtai nazaridan takomillashtirish boʻyicha bildirilgan takliflar suhbatning yakuniy natijasi boʻldi. Xususan, sovutish uchun energiya isteʼmolini meʼyorlash, issiq suv taʼminoti tizimida suvni isitishga sarflanadigan energiya miqdorini meʼyorlash, yillik energiya isteʼmoliga oʻtish dolzarbdir.
Isteʼmolchilar kelgusida binoni isitish, shamollatish, sovutishga ketadigan xarajatlari haqida toʻliq tushuncha olishlari uchun binolarni energiya samaradorligiga koʻra tasniflash hamda energiya yorligʻini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, energiya va issiqlik himoya qatlamlari koʻrsatkichlarni hisoblash usullarini takomillashtirish talab qilinadi. Binolarning energiya samaradorligini baholash uchun milliy hisoblash vositalarini ishlab chiqish, namlik kondensatsiyasi zonalarini (binoning tashqi konstruksiyalari harorat maydonlarini) tahlil qilish uchun zamonaviy dasturiy taʼminotdan foydalanish binoning tashqi konstruksiyalarini loyihalashni sezilarli darajada soddalashtiradi hamda loyiha sifatini oshiradi.