Prezidentimizning 4.02.2021 yildagi PQ-4979-son qaroriga muvofiq, poytaxtning sanoat va eksport salohiyatini oshirish, yangi turdagi raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu asosda aholini yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlash maqsadida yana bir “Yangihayot” industrial texnoparki quriladi.
Texnopark Toshkent shahri, Yangihayot tumanida “Xo‘ja Uchqun”, “Jaloyiq” va “Gulzor” mahallalari tutashgan hududdagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari hisobidan 210 gektar yer uchastkasida barpo etiladi. Uni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy komissiya tuzildi va komissiyaga quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:
-texnopark direksiyasini tashkil etish;
-texnoparkning bosh rejasi loyihasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlash;
-quyidagilar bo‘yicha choralarni ko‘rish:
a) Texnoparkning tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini barpo etish dasturini tasdiqlash va uning amalga oshirilishini boshlash;
b) Texnoparkni va uning faoliyatini zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etishga ko‘maklashish uchun yetakchi xalqaro ekspertlar va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish.
Bosh reja loyihasini ishlab chiqish hamda tashqi va ichki muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini barpo etish ishlarini moliyalashtirish manbalari belgilanadi.
Texnoparkni tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari besh yilgacha bo‘lgan davrda bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.