Bugungi kunda yurtimizda nafaqat mahalliy balki xorijiy investorlar bilan ishlashda yangicha tizim shakllangan. Bir paytlar sanogʻi yoʻq yigʻmajildlarni u tashkilotdan bunisiga, qaysidir korxonadan yana biriga tashiyverib, alaloqibat hafsalasi pir boʻlib bor-e deya qoʻl siltagan tadbirkor-u, investor kam boʻlgan deysizmi? Eshiklarda kutaverib sargʻaygan yuzlar, rahbar qabuliga kirish uchun turnaqator navbatlar bugun tarixga aylangan. Har bir tashkilotda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Jumladan, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasida ham aholi murojaatlari bilan ishlash tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Haftalab, oylab kutishlar yoʻq. Xoh oddiy aholi, xoh mahalliy tadbirkor nainki xorijlik investor boʻlsin, murojaat bilan yuzlandimi uning yechimiga chora albatta topiladi.
Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasida boʻlib oʻtgan navbatdagi qabul jarayonida oʻnga yaqin murojaatchilarning masalalari oʻrtaga tashlandi. Jumladan, Toshkent shahri Sergeli tumanida koʻp qavatli turar-joy barpo etish istagida boʻlgan tadbirkor A.Aripov hamda Toshkent shahrida yirik shifoxona va savdo majmuasini barpo etish istagida boʻlgan tadbirkor S.Jalaluddin tomonidan ilgari surilgan tashabbus va gʻoyalar, ular tomonidan taqdim etilgan murojaatlar tegishli tartibda koʻrib chiqildi.
Ushbu murojaatlar yuzasidan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi rahbari J.Arashov tadbirkorlarning loyihalarini amalga oshirish mexanizmi va qaysi tartibda amalga oshirishi hamda vakolatli organlarning tegishli xulosalari bu jarayonda muhim ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, loyiha va taqdimotlar tegishli kengashga taqdim etilishi, undan soʻng esa belgilangan tartibda vakolatli tashkilotlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Aholi murojaatlari yuzasidan boʻlib oʻtgan uchrashuvda 10 ga yaqin mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning murojaat va takliflari koʻrib chiqildi. Bildirilgan takliflar boʻyicha har bir murojaatchiga Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan masʼullar belgilandi.